
NKMK 500 million AQSh dollari miqdoridagi evroobligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi
2025-yil 7-may – Jahonda oltin ishlab chiqarish bo‘yicha 4-o‘rinni egallagan "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ (NKMK) xalqaro kapital bozoridagi ishtirokini yana-da mustahkamlab, 500 million AQSh dollari miqdoridagi evroobligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi.
NKMK'ning kredit reytingi S&P Global va Fitch Ratings agentliklari tomonidan BB- (barqaror) darajasida belgilangan bo‘lib, mustaqil reyting ko‘rsatkichi ikkala agentlik tomonidan ham BB+ etib baholangan. Ushbu bitim kompaniyaning transformatsiya jarayonidagi muhim bosqich va xalqaro moliyaviy maydondagi faol ishtirokini aks ettiradi.
Bitim tafsilotlari
7-may kuni NKMK 500 million AQSh dollari miqdorida 5 yillik, ta’minlanmagan obligatsiyalarni 6.75% kupon stavkasi bilan, 2030-yilda to‘lanadigan qilib joylashtirdi. Emissiya narxi e’lon qilinganidan so‘ng darhol ikkilamchi bozorda faol savdo qilindi, bu esa investorlar orasida yuqori ishonchni ko‘rsatdi.
Bitim Buyuk Britaniya, AQSh, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyodagi yirik institutsional investorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Yakuniy buyurtmalar hajmi 1.2 milliard dollarni tashkil etdi (maksimal bosqichda 2.3 milliard dollar), bu esa taklif hajmidan 2 barobar ortiq talabni anglatadi.
Obligatsiyalar London fond birjasida ro‘yxatga olindi. Bu esa kompaniyaning xalqaro shaffoflik, ilg‘or amaliyotlar va O‘zbekistonning global moliyaviy bozorlariga integratsiyalashuvi borasidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ushbu bitimda Citi, J.P. Morgan, MUFG va Société Générale banklari qo‘shma yetakchi tashkilotchilar va kitob yurituvchilar sifatida ishtirok etdi.

Finasia Capital’ning moliyaviy maslahatchi sifatidagi roli
Finasia Capital ushbu bitim doirasida NKMK’ga strategik maslahatchi sifatida xizmat ko‘rsatdi, butun jarayon bo‘yicha – bozordagi tayyorgarlikdan boshlab, investorlar bilan pozitsiyalash, kitob tuzish va yakuniy narx belgilashgacha – har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.
“Dastlabki narx bo‘yicha yo‘riqnoma keng investorlar doirasini erta bosqichda jalb qilishga qaratilgan edi,” — deydi Finasia Capital bosh direktori Odilbek Isakov GlobalCapital nashriga bergan intervyusida. “Biz 5 yillik obligatsiyalar uchun 7.375% stavkadan boshladik. Bu esa kuchli talab shakllanishiga olib keldi — maksimal bosqichda buyurtmalar hajmi 2.3 milliard dollardan oshdi.”
“Yuqori sifatli talab narxni 62.5 baza punktga kamaytirish imkonini berdi va yakuniy kupon stavkasi 6.75%ni tashkil etdi. Investorlar NKMKni yuqori darajadagi emitent sifatida baholadi. Ularning asosiy e’tibori suveren yield-spred emas, balki obligatsiyalardan ulush olishga qaratilgan edi. Natijada, narx O‘zbekistonning suveren yield curve’idan past darajada belgilandi — bu kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va obro‘sini yaqqol tasdiqlaydi.”

Strategik istiqbol
NKMK kelgusida xalqaro kapital bozorlarida doimiy emitent sifatida qatnashishni rejalashtirgan bo‘lib, bu kompaniyaning uzoq muddatli moliyalashtirish strategiyasi va faoliyat hajmini oshirish rejalari bilan uzviy bog‘liq.
Kompleks valyutaviy boshqaruv doirasida kompaniya AQSh dollaridagi tushumlarni AQSh dollaridagi majburiyatlar bilan muvofiqlashtirish orqali ehtiyotkor va samarali kapital tuzilmasini saqlab qolishni maqsad qilgan.
Kuchli mustaqil reyting, sog‘lom balans va qat’iy moliyaviy intizom orqali NKMK O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasi va global bozorlar bilan integratsiyasini qo‘llab-quvvatlashda yetakchi o‘rinni egallashda davom etadi.
Bozor islohotlari va xususiylashtirish dasturlarining jadallashuvi fonida, NKMK xalqaro investorlar uchun ishonchli va e’tiborli flagman kompaniya sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.