Iqtisodiyot va Moliya Vazirligi hamda Finasia Capital hamkorligida davlat qarzi va Davlat korxonalarining (DK) fiskal xatarlarini boshqarish bo'yicha seminar bo'lib o'tdi
Sana: 2026-yil 13-mart
2026-yil 13-mart kuni O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya Vazirligi Finasia Capital bilan hamkorlikda qarzni boshqarish amaliyotini mustahkamlash hamda davlat korxonalari bilan bog'liq fiskal xatarlar nazoratini takomillashtirishga bag'ishlangan texnik seminar o'tkazdi. Tadbir Osiyo Taraqqiyot Bankining "TA 10178-UZB: Qarzni boshqarish va shaffoflikni qo'llab-quvvatlash" texnik ko'mak loyihasi doirasida tashkil etildi.
Seminarda Davlat qarzi departamenti (front, middl va bek-ofislar), Davlat korxonalarining fiskal xatarlar departamenti, G'aznachilik qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda birlamchi diler banklar vakillari ishtirok etdi. Bunday keng ko'lamli ishtirok joriy muammolar va islohotlarning ustuvor yo'nalishlarini har tomonlama va amaliy jihatdan muhokama qilish imkonini berdi.
Xalqaro ekspertlar doktor Reyna Ichii va Adrian Jolliff o'z o'rganishlari natijalari bilan o'rtoqlashib, xalqaro tajriba hamda O'zbekiston sharoitiga moslashtirilgan siyosiy tavsiyalarni taqdim etdilar. Taqdimotlarda asosiy e'tibor mahalliy obligatsiyalar bozorini rivojlantirish, me'yoriy va bozor o'zgarishlari, takomillashtirishning istiqbolli yo'nalishlari hamda davlat korxonalarining shartli majburiyatlaridan kelib chiqadigan fiskal xatarlar ni baholash masalalariga qaratildi.
Ishtirokchilar savollar, fikr-mulohazalar va takliflar bilan faol qatnashib, muloqotning yuqori darajada interaktiv o'tishini ta'minladilar. Seminar davomida to'plangan ma'lumotlar texnik ko'mak loyihasi doirasida tayyorlanayotgan hisobot va hujjatlar uchun asos bo'lib xizmat qiladi.
Iqtisodiyot va Moliya Vazirligi hamda Finasia Capital barcha ishtirokchi tashkilotlarga minnatdorlik bildirib, davlat qarzini boshqarishni mustahkamlash, ichki kapital bozorlarini rivojlantirish va fiskal xatarlar nazoratini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.