Ijtimoiy tarmoqlarda Finasia Capital Ltd. haqida bildirilgan xabarlarga rasmiy munosabat

Joriy yilning 11 may kuni “Ревизор”, “Generallisimus”, “Yurist maslahati” va boshqa Telegram kanallarida “Вазир маслаҳатчисининг компанияси 665 минг долларлик шартномани қўлга киритди” nomli post e’lon qilindi.

Unga javoban Finasia Capital Ltd. (keyin o'rinlarda - Finasia Capital yoki Kompaniya) quyidagilarni ma’lum qiladi.

Finasia Capital ta’sischilaridan biri Odilbek Isakov O’zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to’g’risida” Qonuniga muvofiq 2023 yil fevral oyidan beri davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanmaydi. Qo'shimcha ravishda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan tuzilgan konsultant-maslahatchilik uchun fuqarolik-huquqiy shartnomaning muddati 2023 yil 31 dekabrda tugagan.

Postda keltirilgan e’lon (https://etender.uzex.uz/lot/349506) O’zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to’g’risida” Qonuniga muvofiq ochiq va shaffof ravishda onlayn tarzda o'tkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash jarayonining yakuniy qismi hisoblanadi.

Tanlash o’tkazilgan veb-sahifada barcha hujjatlar, jumladan mazkur konsultatsiya xizmatlarining mazmun-mohiyati va tanlov ishtirokchilari uchun shartlar to'liq ochiqlangan.

Konsultatsiya xizmatlarining asosiy mazmuni 15 oy davomida Londonda joylashgan o’nga yaqin malakali ekspertlar yordamida kompaniyani tahlil qilish, qarz jalb qilish va boshqarish strategiyasini ishlab chiqish, 300mln AQSh dollari miqdorida xalqaro obligatsiyalarni chiqarishda ko'maklashish hamda xalqaro moliya tashkilotlari va investitsiya banklari bilan munosabatlarni o’rnatish va ulardan imtiyozli kreditlar jalb qilishdan iborat.

Bu konsultatsiya xizmatlari yordamida O’zbekiston iqisodiyotiga yuzlab million AQSh dollari miqdorida mablag’ jalb etilishi kutilmoqda.

Finasia Capital blogerlar, matbuot va jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot o’tkazishga tayyor. Xabarlar va savollarni info@finasia.co.uk elektron pochtasi orqali yuborilishi mumkinligi eslatib o’tiladi.

Shu bilan birga, Kompaniya blogerlar va matbuot vakillarini noto‘g‘ri ijtimoiy fikr yaratishdan oldin xolislik tamoyillari asosida ikkinchi tomonning fikrlari va faktlarni o'rganishga ("fact checking") chaqiradi. Shu o’rinda, Kompaniya tezkor ravishda zarur tahririy o'zgartirishlar kiritgan "Ревизор" kanali jamoasiga o'z minnatdorchiligini bildiradi.